Navoiy TTS modelini chiqargan kunimiz dasturchilar uni darrov sinab ko‘rishgan edi. Bugun Sado ASR v1 modelidan erta foydalanish uchun arizalar qabul qilishni boshlayapmiz. Navoiy TTS modelimiz gapiradi, Sado ASR v1 modelimiz esa eshitadi. Siz yozuv yuborasiz, model eshitganini matnga aylantiradi.
Asos sifatida OpenAI’ning Whisper large-v3 modelini oldik. Uni o‘qitishda o‘zbek, ingliz va rus tillariga alohida e’tibor berdik. Model kartasida hozir o‘zbek tilidagi nutqni tanish hujjatlashtirilgan. Biz 33 tilda nutqni tanish ustida ishlayapmiz va ilk bosqichni o‘zbek tilidan boshlayapmiz.
Nega Sado’ni hozirdan ulashyapmiz?
VoiceLab jamoasi sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. O‘zbek tiliga hissa qo‘shish ham bizning alohida burchimiz. Internetdan topadigan o‘zbekcha materiallarning ko‘pi adabiy tilda bo‘ladi. Bir so‘z esa turli joylarda turlicha aytiladi. Biz modellar shu farqlarni yaxshiroq tanishini istaymiz. Siz Sado’ni o‘z yozuvlaringizda sinab ko‘rsangiz, o‘z sinovlarimizda uchramagan xatolarni ham bilib olamiz.
Sado ASR v1 aslida qanday ishlaydi?
Yuqorida Sado eshitadi dedik. Siz audio yuborasiz, Sado esa sizga matn qaytaradi. Shu orada nimalar bo‘ladi? Keling, buni birma-bir ko‘rib chiqamiz.
- Audio foydalanuvchidan ham, boshqa dasturdan ham kelishi mumkin. Dastur WAV kabi faylni ochib, ichidagi ovoz to‘lqinini raqamlar ketma-ketligi shaklida o‘qiydi. Agar yozuv stereo bo‘lsa, ikkita kanalni bittaga birlashtirish mumkin.
- Biz audioni 16 kHz ga moslaymiz. Ya’ni ovozning bir soniyasini 16 mingta qiymat bilan ifodalaymiz. Yozuv uzun bo‘lsa, dastur uni bo‘laklarga ajratishi mumkin. Keyin har bir bo‘lakni tahlil qilish uchun undan ancha qisqa oraliqlarni olamiz. Ular bir-birining ustiga tushadi. Shu oraliqlarni kadr deymiz.
- Spektrogrammani ovozning rasmi deb tasavvur qiling. Chapdan o‘ngga vaqt o‘tadi. Pastda past chastotalar, tepada yuqori chastotalar turadi. Har bir katak o‘sha paytda shu chastota oralig‘idagi tovush qanchalik kuchli bo‘lganini ko‘rsatadi. Whisper large-v3 uchun bunday rasm 128 ta chastota oralig‘idan tuziladi. Texnik nomi log-Mel spektrogramma.
- Shu yerda model ishga kirishadi. Uning enkoder degan qismi spektrogrammani o‘qib, undagi ma’lumotni modelning keyingi qismi ishlata oladigan shaklga keltiradi. Bir tovushni tanishga yonidagi tovushlar ham yordam beradi.
- Dekoder matnning keyingi tokenini taxmin qiladi. Token butun so‘z, so‘zning bir qismi yoki tinish belgisi bo‘lishi mumkin. Shu ish tokenma-token davom etadi. Ularni birlashtirsak, siz ekranda ko‘radigan matn hosil bo‘ladi.
Modelni o‘qitishda nima qiyin?
Bitta audioni olaylik. Unda odam nima degan bo‘lsa, yonidagi matnda ham aynan shu gap yozilishi kerak. O‘qitish paytida model keyingi tokenni taxmin qiladi. Shu taxminni to‘g‘ri matn bilan solishtirib, modelning parametrlarini yangilaymiz. Shu ishni ko‘p yozuvlarda takrorlaymiz. O‘zbek shevalariga yoki yozuvlari kam tillarga kelganda, turli odamlarning ovozini topish va har bir yozuvni aniq matnga ko‘chirishning o‘zi ancha vaqt oladi.
Keyin sinov boshlanadi. Model bir so‘zni qayta-qayta xato yozsa, avval yozuvning o‘zini tinglaymiz. Odam so‘zni qanday aytgan? Atrofda shovqin bormi? Tekshirish uchun yozilgan matnning o‘zi to‘g‘rimi? O‘sha so‘zni boshqa yozuvlarda ham tekshiramiz. Shundan keyin qayerda va nima sababdan adashayotganini tushunish osonroq bo‘ladi.
VoiceLab’da shu jarayonni yaxshiroq tushunishga harakat qilyapmiz. Qaysi bosqichda xotirani tejash yoki hisoblashni kamaytirish mumkinligini bilsak, bunday modellarni kichikroq qurilmalarda ham ishlatishga yaqinlashamiz.
Modeldan foydalanishga qanday ariza beraman?
Hugging Face hisobingizga kiring va model sahifasidan ariza yuboring. Har bir arizani alohida ko‘rib chiqamiz. Hozircha model notijorat tadqiqotlar va shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan. Arizangiz tasdiqlangach, Hugging Face CLI orqali o‘sha hisobga kiring va model fayllarini yuklab oling. Hugging Face’da ariza yuborish
hf auth login
hf download aisha-org/sado-asr-v1 --local-dir ./sado-asr-v1Model kartasida Python misoli bor. Misoldagi model_dir qiymatiga modelni yuklagan papkangizni, audio_path qiymatiga audiofaylingiz manzilini yozing. Avval yaxshi biladigan, 30 soniyadan oshmaydigan o‘zbekcha WAV yozuvini oling. Keyin o‘z shevangizdagi yozuvni ham sinab ko‘ring. Sado ASR v1 model kartasi
Sado qayerda adashishi mumkin?
Ba’zan Sado ismni xato yozadi, ba’zan bir so‘zni tashlab ketadi. Atrofda shovqin bo‘lsa, bir necha kishi bir paytda gapirsa yoki suhbat orasida til almashsa, xatolar ko‘payishi mumkin. Ism, raqam yoki vaqt muhim bo‘lsa, yozuvning o‘sha joyini yana bir marta eshiting.
Xulosa
Sado’ni sinab ko‘rsangiz, audioda nima deyilganini va model nima yozganini bizga ayting. Ayniqsa, o‘z shevangizda qaysi so‘zlarni xato yozgani bizga qiziq. Sinab ko‘rganingiz uchun rahmat.